Mudofaa vazirligida “Til – millat koʻzgusi” nomli maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

2

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana munosabati bilan Mudofaa vazirligida “Til – millat koʻzgusi” nomli maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. UndaMudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzosi, Oʻzbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov, “Muhammad Yusuf” nomidagi jamoat fondi raisi Nazira As-Salom, tarjimon Maʼsuma Ahmedova hamda xonanda Aziz Rajabiy ishtirok etdi.

Tadbir davomida Afzal Rafiqov Alisher Navoiy, Bobur gʻazallaridan, Hofiz Sheroziy, Firdavsiy kabi buyuklar ijodidan oʻzbek tiliga qilingan gʻoyatda jozibador, ohangdor tarjimalardan oʻqib berdi.

Shuningdek, soʻz sanʼati imkoniyatlaridan unumli foydalangan shoirlarimiz Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarning asarlaridan ham namunalar keltirdi. Xonanda Aziz Rajabiy ijrosidagi oʻzbek tilining nafis va ohangdorligini, goʻzalligini ifoda etuvchi sheʼr va gʻazallarga bastalangan qoʻshiqlari yigʻilganlar olqishiga sazovor boʻldi.

Tadbir doirasida Mudofaa vazirligida koʻchma kitob yarmarkasi ham tashkil qilindi.

Bu kabi tadbirlar sana munosabati bilan vazirlik qoʻshinlarida ham keng oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati