Mudofaa vaziri bir guruh Osiyo oʻyinlari gʻolib va sovrindorlariga navbatdagi harbiy unvonlarni topshirdi

3

9-oktabr kuni Mudofaa vazirligida XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etib, gʻoliblikka erishgan hamda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan Mudofaa vazirligi Sport klubi sportchilari va ularning murabbiylarini sharaflashga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Oʻzbekiston Milliy olimpia qoʻmitasi raisi Umid Axmadjonov, Oʻzbekiston Boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Abdullo Sagdiyev ishtirok etdi va mamlakatimiz sharafini jahon sport arenasida munosib himoya qilgan armiya sportchilariga minnatdorchilik bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida Mudofaa vazirligi Sport klubining 50 nafar aʼzosi ham Oʻzbekiston sharafini himoya qilib, 10 ta oltin, 12 ta kumush va 11 ta bronza medalini qoʻlgan kiritgan edi. Bu mazkur Osiyo oʻyinlarida oʻzbekistonlik sportchilar tomonidan qoʻlga kiritilgan jami medallar sonining 48 foizi demakdir.

Mardligi, fidoyiligi, Vatanga boʻlgan cheksiz sadoqati uchun mudofaa vaziri XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida ogʻir atletika sport turi boʻyicha rekord oʻrnatgan shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilar Ruslan Nurudinov, kanoeda eshkak eshish boʻyicha Osiyo oʻyinlarining 4 karra gʻolibi Vadim Menkov hamda yengil atletikachimiz Nadiya Dusanovaga navbatdagi “leytenant” harbiy unvonlarini tantanali topshirdi.

Tadbir davomida Osiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan hamda Olmaotada boʻlib oʻtgan Boks boʻyicha 22-xalqaro turnirida munosib oʻrinlarni qoʻlga kiritgan sportchilar mudofaa vazirligi tomonidan maishiy texnika buyumlari, koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari mamlakatda sportni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Abdusalom Azizov Oʻzbekiston Milliy olimpia qoʻmitasi raisi, Jismoniy tarbiya va sport vaziri hamda Oʻzbekiston Boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosariga Mudofaa vazirligining esdalik sovgʻalarini topshirdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati