Mudofaa vazirligi O‘zbekiston Mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan mahallalarda tadbirlar o‘tkazmoqda

16

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan viloyat va tuman markazlari, mahallalarda Mustaqillikning 27 yilligi munosabati bilan “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida badiiy kechalar, turli uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Katta Qorasuv mahallasida bo‘lib o‘tdi.

Podpolkovnik Azizbek Umrzoqov mahalla fuqarolari va yoshlariga mustaqillik va uning mohiyati, harbiy xizmatchilarimizning metin irodasi va Mudofaa vazirligi tomonidan olib borilayotgan qator tizimli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida Mudofaa vazirligi Markaziy orkestri, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda taniqli xonandalar, sport ustalarining chiqishlari barchaga ko‘tarinki ruh ulashdi.

Vatan va mustaqillik tuyg‘ulari tarannum etilgan kuy-qo‘shiqlar, dilgir ma’ruzalar, sahna chiqishlari yoshu qari ko‘nglini g‘urur va iftixorga to‘ldirdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati