MDHga aʼzo davlatlar armiyalari oʻrtasida oʻtkaziladigan qoʻl jangi chempionatining qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi

1

Bugun, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida 10—13 sentyabr kunlari Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar doʻstona armiyalari oʻrtasida boʻlib oʻtadigan armiya qoʻl jangi chempionatiga bagʻishlangan matbuot-anjumani boʻlib oʻtdi. Taʼkidlash kerak, bu turdagi chempionat Oʻzbekistonda birinchi marotaba oʻtkazilmoqda.

Unda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi tashkiliy qoʻmitasi, musobaqada ishtirok etuvchi jamoa vakillari hamda xorijlik jurnalistlar qatnashdi. Anjuman doirasida ertaga boshlanadigan musobaqaning oʻtkazilish tartibi, kimlar ishtirok etishi va tashkiliy ishlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Toshkentdagi “Universal” sport majmuasida boʻlib oʻtadigan musobaqada harbiy sportchilar 7 ta vazn toifasida (60 kilogrammdan 90 kilogrammgacha) oʻzaro bellashadilar.

Mazkur bellashuv uchun ishtirokchilarni saralash maqsadida joriy yil yanvar oyidan boshlab Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida chempionatlar oʻtkazib kelindi. 7 nafar oʻzbekistonlik harbiy sportchi musobaqaning yakuniy bosqichida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

“Oʻzbekistonga birinchi bor kelishimiz. Belarus Respublikasi vakili sifatida shuni taʼkidlashim mumkinki, mehmondoʻst harbiylaringiz bizda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Bir-birimiz bilan tajriba almashmoqdamiz, sport bizlarni oʻzaro doʻstlashtirmoqda. Ertaga boshlanadigan musobaqa ham yuqori saviyada tashkil etilganligiga shubhalanmayman. Eng kuchli sportchilar gʻolib boʻlishini istaymiz”, — deydi polkovnik Anatoliy Xanayevskiy.

Anjuman yakunlangach, hakamlar hayʼati va ishtirokchi mamlakatlar vakillari bilan birgalikda qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi.

2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari MDH mamlakatlarining xalqaro musobaqalarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan boʻlsa, 2018 yilning aprelidan Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar doʻstona armiyalari oʻrtasidagi harbiy-amaliy sportning 7 ta turi boʻyicha musobaqalarda ishtirok etmoqda.

Toshkentda oʻtkazilayotgan musobaqada Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston Respublikalaridan kelgan qoʻl jangi ustalari oʻzaro bellashadi.

Eslatib oʻtamiz, aprel oyida Rossiya Federatsiyasida “Komandirlik startlari startlari” va iyun oyida Belarus Respublikasida “Koʻp kurash harbiy sport kompleksi” musobaqalarida Oʻzbekiston harbiylari ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritishgan edi.