Harbiy xizmatchilar uchun Abdulla Oripov nomidagi maktab-internat boʻylab ekskursiya uyushtirildi

8

Qashqadaryo viloyatida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati harbiy xizmatchilari tomonidan 1 oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda JGʻMHO qoʻmondonligi, Qarshi shahar bosh imom-xatibi Ahmad Boyqobilov, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti dotsenti Qahramon Mahmanazarov, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Isoq Toʻrayev ishtirok etib, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar borasida soʻz yuritdilar.

Xususan, “Vatanparvarlik oliy fazilat”, “Din “ommaviy madaniyat”ni qoralaydi” hamda “Gʻoya va mafkuraning oʻrni” mavzusida maʼruzalar oʻqildi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov nomidagi maktab-internatiga ekskursiya uyushtirildi.

Maktabda Abdulla Oripov muzeyi ham joy olgan boʻlib, u yerdagi eksponatlar harbiy xizmatchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Qarshi shahrida joylashgan mazkur maktab-internat 2017—2018 oʻquv yilidan 5—9 sinflarda 150 nafar iqtidorli oʻquvchi hamda 16 nafar oʻqituvchi, 7 nafar tarbiyachi bilan oʻz faoliyatini boshlagan. Maktab-internatda eng zamonaviy texnologiyalar, soʻnggi rusumdagi kompyuterlar bilan jihozlangan 14 ta oʻquv xonasi, kimyo, biologiya, fizika fanlari uchun laboratoriya xonalari, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona, 50 oʻringa moʻljallangan, barcha shart-sharoitga ega yotoqxona hamda oʻquvchilarning ijod qilishlariga moʻljallangan zamonaviy koʻrinishdagi ijodxona mavjud.

Kechga yaqin esa shahar markazida joylashgan “Yoshlar xiyoboni”da okrug harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar shahar aholisiga oʻzgacha kayfiyat bahsh etdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati