Harbiy xizmatchilar sayohatga chiqdi

3

Samarqand shahridagi harbiy qism xizmatchilari va ularning oila aʼzolari uchun “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar oʻtkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilgan tadbir doirasida dastlab harbiy qismda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

Milliy armiyamizni isloh qilish va mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, malakali harbiy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muloqotning asosiy mavzusi boʻldi.

Shundan soʻng harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari Samarqand shahri boʻylab sayohatga chiqdi.

– Davlatimiz rahbari qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi tasdiqlandi, – deydi harbiy qism komandirining harbiy vatanparvarlik, maʼnaviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari, mayor A.Hakimov. – Unda harbiy xizmatchilarning bilimi, maʼnaviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik, masʼuliyat, sadoqat va vatanparvarlik hissini oshirish, yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish bilan bogʻliq dolzarb vazifalar belgilab berilgan. Mazkur tadbir ham ushbu vazifalardan kelib chiqib tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilar oila aʼzolari bilan birga Samarqand shahridagi Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida boʻlib, bu yerda saqlanayotgan noyob tarixiy ashyo va eksponatlar bilan tanishdi. “Samarqand kitob olami” maʼnaviy-maʼrifiy majmuasida yurtimizdagi nashriyotlarda yangi chop etilgan asarlar haqida maʼlumot berildi. Ofitser va serjantlar oʻzlari va farzandlari uchun kitoblar xarid qildi.

Sayohat soʻngida Samarqand viloyati musiqali drama teatrida namoyish etilgan “Mirzo Ulugʻbek” spektakli ham tadbir ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.