Harbiy xizmatchilar murakkab togʻ sharoitida shartli yaradorlarni qutqardi

2

Markaziy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchilari Baxmal tumanida joylashgan togʻli hududda murakkab amaliy mashgʻulotlar oʻtkazdi.

Dengiz sathidan 3000 metr balandlikda oʻtkazilgan mashgʻulotlar harbiy xizmatchilarda tez oʻzgaruvchan harorat, tuman va bulutli havo, kislorod siyrak boʻlgan sharoitlarda harakatlana olishlarida koʻnikma hosil qiladi.

Mashgʻulot davomida tik qoyali joylarda yaralanganlarni evakuatsiya qilish, togʻ tabiiy toʻsiqlarini yengib oʻtish va oʻquv jangovar vazifalar muvaffaqiyatli bajarildi.

Togʻli hududlardagi jangovar harakatlar asosan dovonlarni, tepalik va oʻtish yoʻllarini egallab turish, qoʻshin kolonnalarini olib oʻtish uchun imkoniyat yaratishga qaratiladi. Bu harakatlarda koʻp sonli qoʻshin emas, aksincha, kichik guruhlar qoʻllaniladi. Soʻnggi yillarda dunyoning turli nuqtalarida boʻlayotgan harbiy harakatlar tahlili asosida ishlab chiqilayotgan oʻquv mashgʻulotlari Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida kundan-kunga takomillashtirilmoqda.

“Shu kunlarda qishki mashqlarga tayyorgarlik koʻryap­miz. Qor va izgʻirin ayozda yashovchanlikni oshirish boʻyicha mashqlarni oʻtkazishni rejalashtiryapmiz. Barcha zarur anjomlar bilan mana shu togʻlarga chiqib, bir sutkalik mashgʻulotlarni guruhlar miqyosida musobaqa tarzida tashkillashtirishni koʻzda tutganmiz”, – deydi serjant Alisher Kattaqulov.

Harbiy qism qoʻmondonligi taʼkidlashicha, shaxsiy tarkibning mashgʻulotlari bir-birini takrorlamaydigan, aksincha, bir-birini toʻldiradigan yangi usullarda oʻtkazilmoqda. Bunda togʻ sharoitlarida boʻlinmadan ajralgan holda mustaqil harakat qilish va shu orqali harbiy xizmatchining bardoshi va irodasini chiniqtirish nazarda tutilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati