Nukusda ijodiy ishlar tanlovining okrug bosqichi o‘tkazildi

0
421

Mudofaa vazirligi miqyosida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi munosabati bilan “Posboniman muqaddas yurtning!” mavzusida o‘tkazilayotgan uch bosqichli insho va she’riy asarlar tanlovi ijodkor yoshlarni kashf etishga xizmat qilmoqda.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug miqyosida ham ushbu tanlovning ikkinchi bosqichi yuqori saviyada tashkil qilindi. Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ijodiy ishlar tanlovi yoshlarning iqtidorlarini yana bir karra namoyon qildi.  

Milliy armiyamizdan faxrlanish va unga bo‘lgan ishonch hissini oshirish, harbiy xizmat kasb nufuzini ijodiy ishlar orqali ifodalash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tanlovda oltmishdan ortiq harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda Nukus shahridagi 44-umumta’lim maktabining o‘quvchi yoshlari o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etdi.

Oq qog‘ozni quchgan go‘zal she’riy misralar, satrlarga tizilgan dilnomalar Vatanimiz sarhadlarini munosib qo‘riqlayotgan, elimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlayotgan yurt o‘g‘lonlariga cheksiz havas va ehtirom namunasiga aylandi.

Hay’at a’zolari ta’kidlaganidek, barcha ishtirokchilarning ijod namunalari oliy bahoga munosib. Tanlov shartlariga ko‘ra, insho va she’rlar orasida eng munosiblari saralanib, ularning mualliflari yakuniy bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Tanlov g‘oliblariga okrug qo‘mondonining faxriy yorliqlari topshirildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati