Diqqat tanlov!: “Mening armiyam – mening faxrim!” ijodiy ishlar koʻrik-tanlovi boshlandi

2

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 27 yilligi hamda 14-yanvar — “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Mening armiyam – mening faxrim!” ijodiy ishlar koʻrik-tanloviga start berildi.

Tanlovni oʻtkazishdan maqsad yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish, Vatan taqdiriga befarq boʻlmaslikni ularning ongiga, qalbiga singdirishdan iborat.

Ijodiy ishlar 2019-yilning 5-yanvarigacha Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga tegishli maʼlumotlar bilan yuborilishi lozim.

Koʻrik-tanlovda ishtirok etish uchun professional va havaskor yoʻnalishlarda harbiy vatanparvarlik mavzusidagi quyidagi nominatsiyalar boʻyicha ishlar qabul qilinadi:

— fotosurat, fotokollaj;

— tasviriy sanʼat, grafika, miniatyura;

— koʻrgazmali-targʻibot vositalari (plakat, banner, flayer).

Tanlovga taqdim etilgan va dastlabki saralashdan oʻtgan har bir ish belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Tanlov qatnashchilari mustaqil ravishda yoki ish (xizmat) joyi orqali oʻz asarlarini “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga 100170, Toshkent sh., Mirzo Ulugʻbek tumani, Mirzo Ulugʻbek xiyoboni, 98” manzili boʻyicha “tanlovga” degan belgi bilan ariza yoʻllashlari mumkin.

Arizani rasmiylashtirish talablariga rioya etmaslik kuzatilsa, tanlov materiallari koʻrib chiqilmaydi.

Yuborilgan ishlar nominatsiyalar boʻyicha quyidagi tartibda baholanadi:

  • birinchi oʻrinni egallagan gʻoliblar eng kam oylik ish haqining10 barobari miqdorida pul mukofoti va birinchi darajali diplom bilan taqdirlanadi;
  • ikkinchi oʻrinni egallagan gʻoliblar eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida pul mukofoti va ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlanadi;
  • uchinchi oʻrinni egallagan gʻoliblar eng kam oylik ish haqining 3 barobari miqdorida pul mukofoti va uchinchi darajali diplom bilan taqdirlanadi.

Tanlov gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimi Toshkent fotosuratlar uyida 14 yanvar — “Vatan himoyachilari kuni” arafasida oʻtkaziladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun shoshiling!

Murojaat uchun telefon: (71) 269-89-29, (71) 269-89-32.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati