Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining kursantlari Tatyana Akbarovna bilan uchrashdi

2

12-sentabr kuni Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy memorial majmuasiga ekskursiya uyushtirdi.

Unda Oʻzbekiston Birinchi Prezidentining rafiqasi Tatyana Akbarovna ham ishtirok etdi. “Butun olamni jo qilgan yurak” koʻrgazmasida boʻlib oʻtgan tadbir barqarorlik va taraqqiyotning kafolati – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining asoschisi Islom Karimovning xotirasiga bagʻishlandi. Tatyana Akbarovnaga bilim yurti kursanti tomonidan yaratilgan Birinchi Prezidentning portreti, Islom Karimov bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻlgan yana bir kursantning sheʼriy toʻplami va boshqa turdagi esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Uchrashuv davomida Tatyana Karimova bilim yurti qoʻmondonligi va kursantlarga Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti xotirasini oʻzida aks ettirgan kitob va kataloglar hamda esdalik koʻkrak nishonlarini topshirdi. Tadbir doirasida bilim yurti muzeyi mudirasi Shohista Artikova Islom Karimov nomli esdalik medali bilan taqdirlandi.

Kursantlar tomonidan tayyorlangan sheʼr, kuy va qoʻshiqlar uchrashuvning mazmunli oʻtishini taʼminladi. Tadbir soʻngida kursantlar majmua tarkibidan oʻrin olgan koʻrgazmalar zalida namoyishga qoʻyilgan rassom va haykaltaroshlarning sanʼat asarlari bilan tanishdilar.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati