Buxoroda harbiylar oʻrtasida ixtirochilikni targʻib qilishga qaratilgan anjuman boʻlib oʻtdi

2

Bugun, 24-oktabr kuni Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi Buxoro viloyati Harbiy-maʼmuriy sektori bilan hamkorlikda Buxoro shahridagi Yoshlar markazida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Ofitserlarning uslubiy tayyorgarlik darajasi hamda ratsionalizatorlik va ixtirochilik koʻnikmalarini oshirishning zamonaviy yoʻnalishlari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Anjumanda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi va Buxoro davlat universitetining professor-oʻqituvchilari hamda harbiy kafedra talabalari ishtirok etishdi.

Buxoro viloyati hokimi Oʻktam Barnoyev tadbir doirasida soʻzga chiqib, anjuman ishtirokchilari va uni tashkillashtirishda yordam koʻrsatgan hamkorlarga minnatdorchilik bildirdi.

“Bugungi anjuman harbiylarimizning jangovar shayligini taʼminlashga, ularning nazariy, taktik va amaliy bilim va koʻnikmalarini oshirishga, ishtirokchilarning oʻzaro fikr va tajriba almashishiga yana bir bor zamin yaratadi, deb oʻylayman” — dedi Oʻ.Barnoyev.

Anjumanda ofitserlarning tayyorgarligini oshirish va ularning dunyoqarashini kengaytirish, ratsionalizatorlik, ixtirochilik va innavatsion faoliyatidagi koʻnikmalarini oshirish, harbiy boʻlinmalarda mavjud ilgʻor tajribalarni keng ommalashtirishga qaratilgan mavzularda seminar (master-klass)lar boʻlib oʻtdi.

Kunning ikkinchi yarmida harbiy xizmatchilar, Buxoro davlat universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalari tomonidan yaratilgan ixtirochilik ishlanmalari, innovatsion gʻoyalar, yangi turdagi texnika va boshqa vositalar maketlari koʻrgazmasi tashkil qilindi.

Tadbir soʻngida anjuman davomida oʻrganilgan mavzular va koʻrgazmalar boʻyicha amaliy taklif, tavsiya va tagishli qarorlar ishlab chiqildi. Faol qatnashgan professor-oʻqituvchilar va harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligi rahbariyati hamda Buxoro viloyati harbiy-maʼmuriy sektori tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Ertaga, 25 oktyabr anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar Buxoro viloyatida joylashgan tarixiy obidalarga hamda madaniy meros majmualariga tashrif uyushtirishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati