Armiya qoʻl jangi xalqaro musobaqasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi

9

Bugun, 12-sentabr kuni Toshkentdagi “Universal” sport majmuida MDHga aʼzo davlatlar doʻstona armiyalari oʻrtasidagi armiya qoʻl jangi chempionatining final bosqichi boʻlib oʻtdi. 7 ta vazn toifasidagi sportchilar oʻrtasida oʻtkazilgan ushbu musobaqada oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarning 6 nafari finalga qadar yetib bordi.

60 kilogrammgacha boʻlgan vaznli qoʻl jangi ustalari oʻrtasida kechgan final bahslarida oʻzbekistonlik serjant Shaxboz Tursunov qozogʻistonlik sportchi Arkot Bayaxmetovni magʻlub etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, -65 kg vazn toifasida shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi Olim Normurodov qirgʻizistonlik Omurbek Ashurbekov ustidan gʻalaba qozongan boʻlsa, -70 kg vazn toifasida yana bir oʻzbekistonlik shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi Otabek Xamzaliyev qozogʻistonlik raqibi Abilay Tabanovga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan, oltin medalga ega chiqdi.

-75 kg vaznlilar oʻrtasida kechgan murosasiz kurashda ham oʻzbekistonlik sportchi — serjant Jahongir Jumayev rossiyalik raqibi Sergey Kuznetsovdan qoʻli baland keldi.

-80 kg vazn toifasidagi harbiy sportchilar oʻrtasida kechgan jangda rossiyalik leytenant Zorikto Galsanov oʻzbekistonlik shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi Gʻiyos Pozilovga qarshi ogʻrituvchi usul qoʻllab shohsupadan joy olgan boʻlsa, -85 kg vazn toifasi uchun kechgan final jangida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlar Akademiyasi kursanti Bekzod Nurmatov rossiyalik sportchi Sharaf Davlatmurodovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va yana bir oltin medalni mamlakatimiz terma jamoasiga olib keldi.

-90 kg vazn toifasida gʻoliblik uchun kechgan yakuniy bosqichda rossiyalik Anatoliy Tokov hamda qozogʻistonlik Artyom Rogalskiy oʻzaro kurashdi. Natijada rossiyalik sportchining qoʻli baland kelib, gʻoliblikka erishdi.

Shunday qilib, 2 kun davom etgan armiya qoʻl jangi xalqaro chempionatida oʻzbekistonlik harbiy sportchilar umumjamoa hisobida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin Rossiya vakillariga nasib etgan boʻlsa, 3-oʻringa qirgʻizistonlik harbiy sportchilar erishdi.

Chempionat gʻolib va sovrindorlari kubok, diplom, medallar bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng faol ishtirokchilar tashkilotchilarning alohida nominatsiyalari boʻyicha mukofotlandi. MDH davlatlaridan kelgan vakillarga Oʻzbekiston Mudofaa vazirining esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, Toshkentda birinchi marotaba oʻtkazilgan armiya qoʻl jangi musobaqasida Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston hamda Oʻzbekiston Respublikalarining sharq yakkakurashlari ustalari ishtirok etdi.

Chempionat dasturiga muvofiq Oʻzbekistonga kelgan mehmonlar uchun poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga ekskursiyalar uyushtirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati