Angrenda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun “Mehnat yarmarkasi” bo‘lib o‘tdi

2

Toshkent harbiy prokuraturasi Toshkent viloyati Bandlik boshqarmasi Angren shahar boʻlimi bilan hamkorlikda Angren shahridagi Mudofaa vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli harbiy qism va boʻlinmalarda “Mehnat yarmarkasi” oʻtkazildi.

Yarmarkada 14 ta korxona va tashkilotlar oʻzlarining 69 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Ushbu yarmarkada 100 nafardan ortiq harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlari ishtirok etib, ularning 5 nafariga ishga joylashishlari uchun maxsus yoʻllanmalar berildi.

Shuningdek, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida ishtirok etgan boshqa harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun korxona va tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, mavjud boʻlgan boʻsh ish oʻrinlari haqida batafsil tushunchalar berildi.

Bundan tashqari, shu kunning oʻzida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari huquqlari, erkinliklar va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va amalga oshirishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Angren shahrida joylashgan harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari bilan sayyor qabul oʻtkazildi.

Mazkur tadbir davomida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga 100 dan ortiq badiiy adabiyotlar namunlari sovgʻa qilindi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati