Abdusalom Azizov AQSH harbiy delegatsiyasini qabul qildi

7

Bugun, 8-noyarb kuni Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov AQSH mudofaa vazirining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisining oʻrinbosari Kolin Jekson boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

Kolin Jeksonga AQSHning Oʻzbekistondagi muvaqqatlar ishlar bo‘yicha vakili Alan Melser ham hamrohlik qildi.

AQSH qurolli kuchlari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifidan maqsad — ikki mamlakat mudofaa idoralari oʻrtasida xalqaro harbiy hamkorlikning hozirgi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Oʻzbekiston tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash borasidagi dolzarb masalalar borasida Oʻzbekiston—Amerika mudofaa idoralari oʻrtasidagi kelishuvlarga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Uchrashuv davomida Afgʻonistondagi vaziyatni oʻnglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish boʻyicha fikrlar almashildi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston mintaqaning barqarorligi va rivojlanishiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatadigan qoʻshni Afgʻoniston davlatida tinchlik va xavfsizlik yoʻlidagi barcha harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

2018 yilning mart oyida Toshkent shahrida Afgʻoniston masalalari boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” xalqaro anjumanining oʻtkazilgani, shuningdek, uning yakunida “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilinganining oʻzi Oʻzbekiston terrorizmning boshqa mamlakatlarda tarqalmasligi tarafdori ekanligini koʻrsatadi.

“AQSH — biz uchun ishonchli, uzoq yillar davomida sinalgan hamkor boʻlib, oʻrtamizdagi doʻstlik va oʻzaro munosabatlar doimiy ravishda oldinga qarab siljimoqda. Dunyodagi qudratli jangovar imkoniyatga ega mamlakat bilan mustahkam aloqa oʻrnatish, shubhasiz, bizning armiyamiz jangovar shayligini oshirishga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, — dedi uchrashuv davomida Abdusalom Azizov.

Bugungi kunda oʻzaro kelishilgan yillik rejalarga koʻra, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari faoliyatiga doir masalalar boʻyicha tajriba almashish uchun koʻplab tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston mudofaa vaziri bilan uchrashuvdan soʻng AQSH delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasida boʻldi.

Mehmonlar akademiya binosida joylashgan AQSH mudofaa sohasiga oid mavzuviy mashgʻulot xonasi bilan ham tanishib, kursantlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Aytish joizki, Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil may oyida AQSHga uyushtirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi choʻqqiga olib chiqib, mamlakatlarimiz oʻrtasida yangi strategik hamkorlik davrini boshlab berdi.

Mazkur tashrif davomida Oq uy, Davlat departamenti va Pentagon rasmiylari bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida tomonlar mudofaa sohasida amaliy hamkorlik yoʻnalishini aniq belgilab olishlariga keng imkon yaratildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati