“Ayollar haftaligi” doirasida tanlov oʻtkazildi

0
3588

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida “Ayollar haftaligi” doirasida “Mahoratli pazanda va qoʻli gul mohir bekalar” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Unda harbiy xizmatchilarning rafiqalari uchta shart boʻyicha oʻzaro bellashishdi.

Tanlov hakamlari – Markaziy harbiy okrug xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassisi, Qurolli Kuchlar xizmatchisi Sh.Fayzullayeva, “Vatanparvar” mahallasining xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha mutaxassisi F.Jumaboyeva, shuningdek sotsiolog M.Mamanazarova hamda harbiy okrug tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlimi maʼsul ofitserlari shartlar bajarilishini shaffoflik bilan baholab borishdi.

Tanlov ishtirokchilari dastlabki “Tanishtiruv” shartida oʻz iqtidorlarini sanʼat va sheʼriyat orqali namoyon etishgan boʻlsa, keyingi shartlarda ularning pazandalik, tikuvchilik yoʻnalishlaridagi mahorati sinovdan oʻtkazildi.

Shuningdek, ayollarimiz orasidan “Maʼrifatli ayol”, “ Oqila, ijodkor ayol”, “Qoʻli gul mohir beka” yoʻnalishlari boʻyicha ham nominatsiya gʻoliblari aniqlandi. Gʻoliblarga Markaz tomonidan taʼsis etilgan faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tadbir yakunida Samarqand garnizoni harbiy orkestr jamoasining kuy va qoʻshiqlari ishtirokchilarga yanada koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Kichik serjant Baxromjon USMANOV