Mudofaa vazirligi sportchisi Jahongir Rasulov Olmaotada o‘tkazilgan boks bo‘yicha turnirda oltin medalni qo‘lga kiritdi

19

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi sport klubi vakili Jahongir Rasulov 17—24 may kunlari Qozog‘istonning birinchi mudofaa vaziri armiya generali Sagadat Nurmagambetov sharafiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro turnirda oltin medalni qo‘lga kiritdi.

64 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik sportchi birin-ketin to‘rt nafar sport ustalarini mag‘lub etdi. Jahongir o‘zining birinchi jangida atыraulik sport ustasini enggan bo‘lsa, ikkinchi jangning birinchi raundida rossiyalik sportchini nokautga uchratdi. Yarim finalda esa Chimkentdan kelgan bokschi ustidan texnik nokaut hisobiga g‘alaba qozongan hamyurtimiz, finalda Qozog‘iston TsSKA jamoasi nomidan turnirda ishtirok etgan bokschi ustidan hakamlarning bir ovozdan qabul qilingan qarori bo‘yicha mutlaq g‘olib deya topildi.

Jahongirning ustozi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Uyg‘un Siddiqovning so‘zlariga ko‘ra, uning shogirdi bunga qadar Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda birinchilikni egallagan, O‘zbekiston kubogi finalchisiga aylangan. Ta’kidlash kerakki, Qozog‘istonda Sagadat Nurmagambetov turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bokschilar sport ustasi nomiga sazovor bo‘ladi.

O‘zbekiston terma jamoasi uchun Olmaotada g‘alaba qozonish naqadar qiyin kechganini umumiy natijalardan bilish mumkin: 1 ta oltin, 5 ta kumush va 8 ta bronza. Ya’ni finalga olti nafar bokschimiz etib borgan bo‘lsada, faqatgina armiya sportchisi o‘zining mahoratini to‘liq namoyish eta oldi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati