Harbiy xizmatchilar “So‘nggi qo‘ng‘iroq” munosabati bilan bitiruvchilarga sovg‘alar ulashdi

24

Bugun, 25-may kuni poytaxtimizdagi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan mahallalarga biriktirilgan Mudofaa vazirligining 120 dan ziyod harbiy xizmatchilari 34 ta ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida faol ishtirok etdi.

Mazkur tadbirlarda tuman bo‘yicha jami 12 mingdan ziyod o‘quvchi yoshlar qatnashdi. Tadbirlar davomida o‘quvchi yoshlarga Mudofaa vazirligi nomidan fahriy yorliqlar, kitob va boshqa esdalik sovg‘alari topshirilib, ular katta hayotga qadam qo‘ygani munosabati bilan qutlandi.

Shuningdek, bayram tadbirlari davomida ko‘rgazmali chiqishlar hamda harbiy orkestr jamoasi tomonidan vatanparvarlik ruhidagi musiqalar ijro etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi qaroriga asosan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda aholini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida bir qator salmoqli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati