Mudofaa vazirligi va Jizzax “Temuriylar izdoshi” NTM o‘rtasida memorandum imzolandi

44

Kecha, 24-may kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi hamda Jizzax shahri “Temuriy izdoshi” nodavlat ta’lim muassasasi o‘rtasida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni intellektual salohiyatini oshirish va harbiy kadrlarni tayyorlashning uzluksizligini ta’minlash yuzasidan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tkazilgan hujjatni imzolash marosimida O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov hamda Jizzax viloyati “Temuriylar izdoshi” NTM direktori A.Siddiqov, har ikki tomondan mas’ullar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

“Oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun yuqori bilimli va vatanparvar yoshlarni jalb qilish maqsadida respublikamizning har bir viloyatida bittadan o‘rta maktabni belgilab, ularda alohida dasturga asosan fanlarni chuqur o‘rgatish va ularning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishi hamda intilishini kuchaytirib borish orqali yoshlar qalbida mamlakat Qurolli Kuchlaridan g‘ururlanish tuyg‘ularini oshirishga erishamiz”, — deydi tadbir davomida so‘zga chiqqan mudofaa vazirining o‘rinbosari.

Mazkur hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollarini belgilash, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan masalalarni kelishgan holda amalga oshirish, o‘zlarining vakolatlari doirasida, ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Memorandumga ko‘ra, Mudofaa vazirligi maktab o‘quvchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘quvchilarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha otaliqqa oladi.

Jizzax viloyatidagi “Temuriylar izdoshi” nodavlat ta’lim muassasasi O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 15 sentyabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda maxsus harbiylashgan sinflarda 400 dan ortiq yoshlar chet tillari, matematika, fizika, tarix hamda huquq fanlaridan malakali ta’lim oladi.

Tadbir davomida Jizzax viloyati “Temuriylar izdoshi” NTM o‘quvchilari Qurolli Kuchlar akademiyasida yaratilgan sharoitlar hamda uning tarixi bilan tanishishdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati