Chirchiqda harbiy oilalar bekalari uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi

125

Bugun, 21-may kuni Chirchiq shahridagi “G‘alaba” mahallasi hududida harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash maqsadida yangi tashkil etilgan tikuvchilik va to‘quvchilik sexining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Korxonaning ochilish marosimida Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlovchi mutaxassislar, Respublika oila ilmiy-amaliy markazi Chirchiq shahar bo‘limi boshlig‘i Tursunoy Bo‘tayeva, Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zuhra Mirgaziyeva, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari hamda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.

Bu yerda xarid qilingan 24 ta yangi tikuv mashinalarida tikish-bichish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali Janubiy Koreyaning “Tex-maks” kompaniyasidan qabul qilingan 6 ta to‘quv dastgohida qishki va yozgi paypoqlar to‘qish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning natijasida 50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bandligi ta’minlanishiga erishilmoqda.

Ishchilarga hozircha 1 million so‘m oylik maosh va ikki mahal bepul ovqat bilan ta’minlash va’da qilingan. Korxona rivojlangan sari rag‘batlantirish ham o‘sib boraveradi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati