O‘zbekiston va Belarus Bosh shtab boshliqlari ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

124

Bugun, 21 may kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligida Belarusь Respublikasi Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i — Belarus mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari general-mayor Oleg Belokonev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev kutib oldi.

Shuningdek, uchrashuvda Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Leonid Marinich hamda Belarus Respublikasining mudofaa ishlari bo‘yicha O‘zbekistondagi attashesi Andrey Romanenko ham ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, Belarus Respublikasining harbiy delegatsiyasi 24 mayga qadar O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi.

Uchrashuv davomida tomonlar mudofaa sohasi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi, ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishni mustahkamlash borasida fikr almashdilar.

General-mayor Pavel Ergashev mamlakatlarimizni umumiy tarix, mustahkam do‘stlik natijasida yuzaga kelgan an’analar va o‘zaro hurmat birlashtirib turishini ta’kidladi.

“Mubolag‘asiz aytish mumkinki, 2018 yilning sentyabrida Belarus Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochib, o‘zbek—belarus o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rijovlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi”, — deydi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i.

Shuningdek, general-mayor Pavel Ergashev O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Belarus tomoni bilan har tomonlama, jumladan, harbiy va harbiy-texnika sohasida munosabatlarni rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

General-mayor Oleg Belokonev o‘z chiqishi davomida O‘zbekiston uning uchun do‘stona va quyoshli mamlakatgina emasligini alohida ahamiyatga ega ekanligini qayd etib o‘tdi. “Toshkentda mening ota-onam yashagan, ukam tug‘ilgan, yuragimning bir parchasi doim ushbu ajoyib shahar bilan birga. Mazkur tashrif ko‘r-ko‘rona tashkil etilmadi, bu O‘zbekiston va Belarusь respublikalari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha davlatlarimiz mudofaa vazirlarining qarorlari ijrosidir”.

Bundan tashqari uchrashuv davomida so‘nggi yillarda keng qirrali va ko‘lamli davlatlararo aloqalarni rivojlantirish yo‘lida salmoqli marralar zabt etilgani ta’kidlandi.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar Mustaqillik maydonidagi “Motamsaro ona” monumenti poyiga gulchambar qo‘ydilar.

Belarus Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida ham bo‘lib, oliy harbiy ta’lim muassasasining faoliyati, shuningdek, harbiy kadrlarni tayyorlashga yangicha yondashuvlar bilan tanishdi. Mehmonlar harbiy kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ularga yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Eslatib o‘tamiz, 20—27 may kunlari Namangan viloyatidagi “G‘urumsaroy” poligonida birinchi bor O‘zbekiston va Belarus Respbulikalari bo‘linmalari o‘rtasida “Jangovar hamdo‘stlik—2019” maxsus-taktik mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati