Samo lochinlarining “parvozi” mahallalarga uyushtirildi

0
2531

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimiz boʻylab koʻplab tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarshi shahridagi “Oydin” MFYda “Yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish, ularda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli Xonobod garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari, Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashi va shu hududda istiqomat qiluvchi aholi vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Soʻz olganlar tomonidan mavzuga doir maʼlumotlar aytib oʻtilib, salbiy illatlarga qarshi kurashishda bilim eng asosiy qurol ekani taʼkidlandi. Shuningdek, tadbir davomida  mutaxassislar oʻz sohalari boʻyicha qiziqarli koʻrgazmali mashgʻulotlar ham tashkil etib, yoshlarga parvoz zavqi borasida maʼlumotlar berishdi.

Oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar mahalla yoshlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishiga, kelajakda oʻz maqsadlari sari ildam odimlashlariga va ona yurtga sodoqatli farzandlar boʻlib yetishishiga xizmat qiladi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati