Armiya qo‘l jangi bo‘yicha MDX xalqaro musobaqasiga qatnashuvchilarni saralash musobaqasi o‘tkazildi

14

11—12-may kunlari Mudofaa vazirligi sport klubida Mudofaa vazirligi sport klubining armiya qo‘l jangi ochiq-saralash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda barcha harbiy okruglar, Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonliklari, shuningdek, respublikamizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalaridan jami 138 ta harbiy sportchilar 13 ta jamoa tarkibida o‘zaro bellashdi.

Musobaqa 8 ta vazn toifasida: -60kg, -65 kg, -70 kg, – 75 kg, – 80 kg, – 85 kg, – 90 kg hamda 90 kilogrammdan yuqori o‘tkazildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent harbiy okrugi jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Markaziy harbiy okrug harbiy sportchilariga nasib etdi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug jamoasi esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Musobaqa g‘oliblari:
• Ramazon Temirov — Toshkent harbiy okrugi (-60 kg);
• Elyor G‘ofurov — Toshkent harbiy okrugi (-65 kg);
• Behruz Akbarov — Toshkent harbiy okrugi (-70 kg);
• Husniddin Mamajonov — Markaziy harbiy okrug (-80 kg);
• Bekzod Nurmatov — Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti (-85 kg);
• Sherali Muhammadaminov — Toshkent harbiy okrugi (-90 kg);
• Ulug‘bek Karimov — Markaziy harbiy okrug (+90 kg).

Musobaqa g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanib, MDHga a’zo mamlakatlarning do‘stona armiyalarining spartakiadasi doirasida o‘tkaziladigan armiya qo‘l jangi bo‘yicha chempionatga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yilning sentabr oyida Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar do‘stona armiyalarining spartakiadasi doirasida Toshkentda o‘tkazilgan Armiya qo‘l jangi chempionatida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Bu yilgi xalqaro darajadagi musobaqa Qozog‘istonda o‘tkazilishi kutilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati