Nukusdagi sayyor qabulda 112 nafar fuqaroning harbiy sohaga oid muammolari hal etildi

15

Kecha, 10-may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida harbiy xizmat masalalari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi mudiri Halimboy Xoshimov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriev, Nukus harbiy prokurori Bahodir Xudoyberdiev hamda shahar hokimligi vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan sayyor qabulda 200 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, o‘zlarining harbiy sohaga oid muammolari bilan murojaat qildi.

Barcha murojaatchilarning shikoyat va muammolari kun davomida batafsil o‘rganilib, 112 nafarining harbiy masalalar bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal etildi.

Ta’kidlash joizki, navbatdagi sayyor qabul 14-may kuni Nukus tumanida o‘tkaziladi. 28-iyun kuniga qadar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida reja asosida sayyor qabullar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati