Harbiy sportchilar urush faxriysi xonadonida bo‘ldi

15

9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Mudofaa vazirligi sport klubining bir guruh sportchilari va murabbiylar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Ahmad Yugnakiy» mahallasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Evgeniya Gracheva xonadonida bo‘lishdi.

Osiyo o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha chempion leytenant Ruslan Nuriddinov, Osiyo chempionatining engil atletika bo‘yicha sovrindori Aleksandra Yurkevskaya, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha bir necha bor Osiyo va jahon chempionati sovrindorlari Nilufar Zokirova va Dilnoza Rahmatovalar fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi bilan Evgeniya Sergeevnani samimiy tabrikladi. Sovg‘a-salomlar ulashib, sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi.

Yuzma-yuz suhbatlar chog‘ida faxriy onaxon dunyo xalqlari boshiga musibat solgan mash’um urush, o‘sha og‘ir kunlarni matonat bilan engib o‘tgan ota-bobolarimizning engilmas irodasi, cheksiz matonati haqida so‘zlab berdi. Yoshlarga bugungi tinch-osoyishta kunlarga osonlikcha erishilmagani, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash lozimligi yurtimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan to‘la foydalanib, shu orqali Vatanimiz tinchligi uchun hissa qo‘shish yosh avlodning muqaddas burchi ekanligini ta’kidladi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati