Ekstremizm va terrorizm – taraqqiyot va barqarorlikka tahdid

0
1480

“Islom” arabcha soʻzdan olingan boʻlib, “itoat qilish”, “boʻysunish” degan maʼnolarni anglatadi. Bugun yer yuzida 1,2 milliard inson islom diniga eʼtiqod qilarkan. Islom insonni poklikka, ezgulikka chorlovchi din. Ayni davrda yer yuzida terrorizm va ekstremizm gʻoyalari avj olib, oʻzlariga islom dinini niqob qilayotganlarning muqaddas dinimizga hech qanday aloqasi yoʻq.

Sir emaski, yurtimizda ham terroristik harakatlar bir necha bor amalga oshirilgan boʻlib, Vatan oʻgʻlonlarining kuch-qudrati, har tomonlama yuksak salohiyati tufayli tinchlik va barqarorlik taʼminlanib, xavfli vaziyatlar tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug Nukus garnizoni harbiy qism va muassasalari shaxsiy tarkibi bilan oʻtkazilgan profilaktik tadbirda ham aynan diniy ekstremizm va terrorizmning taraqqiyot va barqarorlikka tahdidi xususida soʻz bordi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda huquq-tartibot idoralalari xodimlari hamda Al-Beruniy nomidagi oʻrta-maxsus Islom bilim yurti oʻqituvchisi Usmon Eshchanov ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2026-yillarga moʻljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Milliy strategiyaning maqsad va vazifalari, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.

– Bizning asosiy maqsadimiz, harbiy xizmatchilarning ongini yot gʻoyalardan himoya qilish va vatanparvarlik, anʼanaviy qadriyatlar va bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilishdan iborat, – deydi Nukus harbiy prokurori yordamchisi adliya leytenanti Dilshod Abdullayev. – Tadbirdagi barcha maʼruzalar harbiy xizmatchilarda mafkuraviy hujumlarga qarshi immunitet hosil qilishga xizmat qiladi.

Tadbir soʻngida ogoh va hushyor boʻlib yashashga undovchi hujjatli film namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati