Samarqandda urush faxriylari uchun tantanali bayram tadbirlari o‘tkazildi

90

Samarqand shahrida joylashgan Sog‘liqni tiklash shifoxonasi bog‘ida tantanali bayram tadbirlari o‘tkazildi.

Bayram marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov, viloyat davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, va albatta, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar urush qatnashchilari va nogironlarining har biriga hukumatimiz tomonidan yuksak darajada e’tibor qaratilayotgani, ularni tibbiy va ijtimoiy ximoyalash maqsadida tegishli xodimlar biriktirilib, doimiy patronaj xizmatlari ko‘rsatilayotgani, mamlakatimizdagi sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar ajratilayotgani ta’kidlandi. Yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joylari va uy xo‘jaliklari ta’mirlanib, obodonlashtirilayotgani esa alohida tahsinga loyiq.

Bayram tadbirida yurtimizning taniqli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari, O‘zbekiston xalq artistlari tomonidan kuylangan qo‘shiqlar yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati