Fotoreportaj: Farg‘onada 9 may bayrami keng nishonlandi

51

Bugun, 9 may kuni Farg‘ona shahri markazida joylashgan Xotira xiyobonida boshlangan bayram tadbiri davom etmoqda. Erta tongda boshlangan bayram avvalida Ikkinchi jahon urushi yillardagi va zamonaviy harbiy texnikalar ishtirokida harbiy parad o‘tkazildi.

Unda Sharqiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, Farg‘ona viloyati hokimligi vakillari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar va viloyat yoshlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Lutfullo Buzrukov Marg‘ilon va Farg‘ona shahridagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashib, ularni fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga 74 yil to‘lgani munosabati bilan qutladi. Prezident va qo‘mondonlik nomidan sovg‘a-salomlar ulashdi.

Viloyat yoshlari tomonidan urush davriga oid va real vaziyatga o‘xshatilgan sahna ko‘rinishlari esa ko‘pchilikning qalbini larzaga keltirdi.

Shundan so‘ng, 2000 yilda Surxondaryoning Sariosiyo tumanida sodir bo‘lgan jangovar harakatlarda mardlarcha halok bo‘lgan serjant Dilshod Asanovning oilasi holidan xabar olindi.

Yurtimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiylarimiz hech qachon xotiramizdan o‘chmasligi, ularni mangu yodda saqlashimiz ta’kidlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati