Chora-tadbirlar zamirida mudofaa salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor maqsad mujassam

0
3296

Armiyani sportsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Soʻnggi vaqtlarda sportga qaratilayotgan eʼtiborning samarasi oʻlaroq, qoʻshinlarda harbiy sport nufuzini respublika va xalqaro tanlovlarda yuksak marralarga olib chiqayotgan sportchilar soni ortib borayotir. Harbiy okruglarda sport sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar zamirida ham mudofaa salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor maqsad mujassam.

Albatta, sport – sogʻlik garovi. Sport bilan shugʻullangan har bir inson sogʻlom turmush tarziga rioya etadi. Vatanni esa sogʻlom va baquvvat insonlargina himoya qilishga qodir.
Sportni keng rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida Mudofaa vazirligining jismoniy tayyorgarlik boʻyicha mutaxassislari va yoʻriqchilari tomonidan tosh koʻtarish, pichoq jangi, armiya biatloni va kurash sport turlarini rivojlantirish boʻyicha mahorat darslari tashkil etildi. Kelgusida harbiy okrug qoʻshinlari orasida jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlarini sifatli tashkillashtirish va yuqorida keltirib oʻtilgan sport turlarini keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan mahorat darslari davomida mutaxassislar tomonidan kerakli tavsiya va yoʻriqnomalar taqdim etildi.

– Harbiy xizmatchilarda jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirishda mazkur sport turlarining katta roli bor, – deydi Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug boshqaruv apparati jangovar tayyorgarlik bo‘limi jismoniy tayyorgarlik va sport boshligʻi podpolkovnik Shahriyor Iskandarov. – Bu sport turlari harbiy xizmatchilarda kuchlilik, chidamlilik, tezlik, chaqqonlik kabi sifatlarni oshirishga xizmat qiladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati