Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga yoshlar saralanmoqda

203

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining buyrug‘i bilan 2018 yilda oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan yoshlarni saralash bo‘yicha qabul komissiyasi tashkil etildi.

Nomzodlarni saralash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 14 yanvardagi PQ-257-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tash hamda Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartiblari to‘g‘risidagi nizomlarga asosan olib boriladi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tinglovchilarni saralash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Harbiy-professional yo‘nalish;

Dastlabki tanlash;

Harbiy-professional tanlash;

Test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash.

Dastlab kichik komissiya tarkibi tomonidan nomzodlarning individual-psixologik sifatlari o‘rganilib, ularning jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkaziladi. Saralash ishlari viloyatlardagi mudofaa ishlari boshqarmalarida 1 apreldan 20 mayga qadar o‘tkaziladi. Nomzodlarning hujjatlari o‘rganilib, jadvalga muvofiq yakuniy tibbiy guvohlantirish, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilimi, yozma ishi (diktant) tekshiriladi.

Nomzodlar 1 iyundan 25 iyunga qadar ikki bosqichda yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Birinchi bosqich 2017 yilgacha tahsil olgan hamda shu yilning o‘zida kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlarni 15 iyunga qadar, ikkinchi bosqichda esa 2018 yil bitiruvchilarini 25 iyungacha chaqirish ishlari yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilangan test sinovlarini o‘tkazilishi hamda nomzodlarni oliy harbiy ta’lim muassasalarga qabul qilish va ularni mutaxassisligi bo‘yicha taqsimlash kabi tadbirlar belgilangan.

2018 yilda nomzodlar Mudofaa vazirligining quyidagi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi umumqo‘shin fakulteti;

2. Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti;

3. Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti;

4. Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti;

5. Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy tibbiyot fakulteti.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi.

Nomzodlar uch tildan — o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillaridan birini shaxsan tanlagan holda test sinovlari topshiradilar.

Eslatma o‘rnida.

Oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan o‘n yetti yoshdan yigirma bir yoshgacha bo‘lgan (o‘qishga qabul qilingan yili o‘n yetti yoshga to‘ladigan) fuqarolar, shuningdek, o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatni o‘tagan yoki o‘tayotgan yigitlar) topshirishlari mumkin.

Nomzodlarning jismoniy tayyorgarligi quyidagi mezonlar bo‘yicha baholanadi:

1. Turnikda tortilish mashqi fuqaro yoshlar uchun 12 marotaba – “a’lo”,10-11 marotaba – “yaxshi” hamda 8-9 marotaba tortilganda – “qoniqarli” baho qo‘yiladi.

2. 100 metrga yugurish mashqi fuqaro yoshlar uchun 14,0 soniya ichida bajarilgan taqdirda – “a’lo”, ushbu masofani 14,1-14,4 soniyada bosib o‘tilganda – “yaxshi” hamda 14,5-15,0 soniyada bajarilganda– “qoniqarli” baho qo‘yiladi.

3. 3000 metrga yugurish mashqlari stadionning yugurish yo‘lakchalari bo‘ylab, fuqaro yoshlar uchun 12,40 daqiqa ichida bajarilgan taqdirda – “a’lo”, 12,40 daqiqadan ko‘p, biroq 13,20 daqiqagacha bajarilganda – “yaxshi” hamda 13,20 daqiqadan ko‘p, ammo 14,0 daqiqagacha bajarilganda – “qoniqarli” baholanadi.