Mudofaa vazirligida harbiylashgan kross yugurish musobaqasi o‘tkazildi

98

24-25 aprel kunlari Chirchiq poligoni bazasida Mudofaa vazirligi miqyosida harbiylashtirilgan krossning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi, barcha harbiy okruglar va oliy harbiy ta’lim muassasalari vakillaridan tarkib topgan 12 ta jamoa shiddatli yomg‘ir ostida musobaqada o‘zaro kuch sinashdi. Ha, ob-havo injiqliklari harbiy xizmatchilarni to‘xtata olmadi.

1,5 km yugurib kelayotgan ishtirokchi avtomatda o‘q otish mahoratini namoyish etib, ortga qaytayotib, granata uloqtirishi zarur edi. Nihoyat, ortga qaytib kelib, manziliga qaytganida 3 km masofani bosib o‘tgan hisoblanadi. Ishtirokchilarning natijalari yakka holda va umumjamoa hisobida yuritib borildi. Bunday paytda bir kishining past natijalari boshqalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shuning uchun birov birovdan qolay demadi. Ust-boshi ivib ketganini ham finishga etganda payqashdi.

Aslida bunday sharoitda belni bog‘lab maydonga tushishning o‘zi g‘oliblikka teng. Ammo ko‘rsatkichlar chinakam o‘rinlarni belgilaydi. Unga ko‘ra yakka tartibda 1-o‘rin Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Jahongir Bulakov, 2-o‘rin Sharqiy harbiy okrugi vakili Husniddin Mirzamatov, Toshkent harbiy okrugi vakili Yangiboy Ro‘zimurodov 3-o‘rinni egalladi. Umumjamoa hisobida esa g‘oliblik Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga nasib etdi. Qurolli Kuchlar akademiyasi 2-o‘rinni va Toshkent harbiy okrugi jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati