Osiyo—Okeaniya chempionati g‘oliblari Toshkentga etib keldi. Ular tantanali ravishda kutib olindi

71

Kecha, 24 aprel kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida dzyudo bo‘yicha Osiyo—Okeaniya chempionatida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan sportchilar tantanali kutib olindi.

Ushbu marosimda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi,  Mudofaa vazirligi sport klubi, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, 20—23 aprel kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida o‘tkazilgan chempionatda Mudofaa vazirligi sport klubi a’zolari ham qatnashib, milliy terma jamoa hisobiga medallar shodasini qo‘shib qo‘ygan.

Ayollar o‘rtasida kechgan bellashuvlarda Diyora Keldiyorova (-52 kg) oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi Gulnoza Matniyozova (-70 kg) hamda Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) kumush medal sohibiga aylandi. Hikmatillo To‘raev (-73 kg) va Muhammadkarim Xurramov (-100 kg) bronza medallari bilan yurtimizga qaytdi.

Harbiy orkestr sadolari ostida kutib olingan sportchilar jahon arenalarida qo‘lga kiritgan g‘alaba va sovrinlari bilan muborakbod etildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati