Mudofaa vazirligi miqyosida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot etakchilari forumi boshlandi

128

Bugun, 25-aprel kuni Mudofaa vazirligi miqyosida “Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti etakchilari forumi” boshlandi. Forum Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari shtabining madaniyat markazida bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur forum O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3394-sonli qarori hamda mudofaa vaziri va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengash raisining 2018-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida boshlang‘ich tashkilot faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Forum doirasida boshlang‘ich tashkilot etakchilarining sohaga oid bilim va saviyalarini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ko‘rib chiqiladi. Forum o‘zi ishini 27-aprel kuni yakunlaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston mudofaa vazirining buyrug‘iga ko‘ra, vazirlik qo‘shinlarida “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti etakchisi” hamda “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yo‘nalish sardori” ko‘krak nishonlari ta’sis etilgan edi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati