“Alisher Navoiy – milliy maʼnaviyatimiz dahosi”

0
2548

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida tillar kafedrasi tomonidan “Alisher Navoiy – milliy maʼnaviyatimiz dahosi” mavzusida ilmiy seminar oʻtkazildi. Ushbu tadbirda professor-oʻqituvchilar, talabalar, harbiy xizmatchilar hamda kursantlar ishtirok etdi.

Ilmiy seminarga moderatorlik qilgan akademiyaning tillar kafedrasi boshligʻi filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sohiba Abdullayeva Navoiyning butun hayoti davomida adabiy asarlarini siyosat bilan uyg‘unlashtirganiga urgʻu berdi. Yuqori martabada faoliyat yuritgan boʻlsada, mamlakat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy takomillashishiga katta hissa qoʻshgan, ilm-fan, sanʼat rivojiga homiylik qilgan, tinchlik va totuvlik hukm surishida uning harakatlari beqiyosligini takidladi.

Tadbirda soʻzga chiqqqan mutaxassislar Alisher Navoiy ijodi, uning ilm-fanga qoʻshgan hissasi haqida oʻrtoqlashish bilan bir qatorda, bugungi kunda dolzarb muammolardan biriga aylangan tilga eʼtiborni soʻz mulkining sultonidan oʻrganish kerakligini qayd etdi. Qolaversa, Navoiy hayoti va ijodini nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham keng oʻrganish va targʻib qilish kerakligini bildirdi.

Tadbir yakunida akademiya kursantlari tomonidan Alisher Navoiy ijodiga mansub qator gʻazal va ruboyilar sahna koʻrinishlari orqali namoyish etildi hamda yigʻilganlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Kapitan Boburmirzo Soliyev, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi yoshlar yetakchisi