Ixtirochi harbiylar. “Farg‘ona” poligonida ratsionalizatorlik ishlari namoyish etildi

96

“Farg‘ona” poligonida Sharqiy harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalari o‘rtasida ixtirochilik, ratsionalizatorlik va innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Jangovar tayyorgarlik, jangovar ta’minot, texnik ta’minot, reketa artilleriya qurol-aslahalari hamda tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar kabi beshta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rgazmani harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”, Farg‘ona davlat universiteti harbiy kafedra talabalari va Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tinglovchilari bevosita kuzatib bordi.

Ko‘rgazma davomida harbiy xizmatchilar tomonidan kashf etilgan harbiy texnikalar va qurol-aslahalarning taktik-texnik xususiyatlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan qurilmalar, ixtirolar namoyish etildi, foydalanishda qulaylik yaratuvchi, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazishda yangi innovatsion texnologiyalar va uskunlarni qo‘llash bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

90 dan ortiq ratsionalizatorlik g‘oyalari namoyish etilgan ko‘rgazma davomida ishtirokchilar hali hech erda qo‘llanilmagan ilg‘or texnikalar bilan tanishdi. Kichik serjant U.Mathalilov tomonidan yaratilgan va poligon uchun xizmat qiladigan og‘ir sharoitlarda nishonlarni ko‘tarib tushurish elektron moslamasi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi.

Shuningdek, leytenant I.Hamidullaevning maketda o‘q otish mashqini yangicha usulda simulyatsiya qilish moslamasi, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar K.Amirovning BTR-70 texnikasida tashqi kuchlar tomonidan ehtimoliy yong‘in sodir etilganida, texnika ichidan tashqariga chiqmay turib yong‘inni o‘chirish moslamasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

Mayor S.Ochilov taqdim etgan dala sharoitida axloqiy-ruhiy ta’minotni shakllantirishga xizmat qiladigan avtonom avtojamlanmaning loyihasi ham yig‘ilganlarga ma’qul bo‘ldi.

G‘oliblar Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov tomonidan diplom va esadalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

5 ta yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar keyingi bosqichga yo‘l oldi, ularning g‘oyalarini amaliyotda qo‘shinlarda qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritiladi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati