Navro‘z marafonida uchchala sovrinli o‘rin ham Mudofaa vazirligi vakillariga nasib etdi

292

20 mart kuni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bilan hamkorlikda “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan poytaxtimizning markaziy ko‘chalarida 21 km masofadan iborat “Navro‘z – 2018 marafoni” bo‘lib o‘tdi.

Unda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari, uyushmagan yoshlar, ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, faxriylar, ota-onalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘zaro madaniy-sport aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda jismoniy tarbiya va sportni yoshlarning kundalik turmush tarziga kiritish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida tashkil qilingan marafon rosmana bayramona tusda o‘tdi.

Marafonda ishtirok etish istagida bo‘lgan 16 yoshdan 30 yoshgacha ko‘ngilli yoshlar hamda faxriylar uchun maxsus sayt yaratilgan edi. Belgilangan rejalar o‘zining munosib samarasini berdi. 2018 metr, 3 va 21 km masofalarda g‘oliblikka da’vogarlik qilgan ishtirokchilar o‘zlarining chiniqqanlik darajalarini namoyon qildilar.

Mudofaa vazirligi Sport klubi a’zolaridan 6 nafari g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Jumladan, 2018 metrga yugurish bo‘yicha 1-o‘rinni Qurolli Kuchlar xizmatchisi Nurxon Muhiddinovaga nasib etdi. 3 km masofaga yugurishda Mudofaa vazirligi Sport klubi a’zosi Jahongir Rahmatulliyev 2-o‘rinni egalladi. 21 km masofaga yugurishda ayollar orasida ham mutlaq g‘oliblikni Mudofaa vazirligi Sport klubi a’zosi Tamilla Kuchkarova qo‘lga kiritdi.

Erkaklar orasida 21 km masofaga yugurishda uchchala sovrinli o‘rin ham Mudofaa vazirligi vakillari – Shoxruh Davlatov (1-o‘rin), Vladislav Mamedov (2-o‘rin), Ortiq Ramazonov (3-o‘rin)ga nasib etdi. Marafon g‘oliblari Faxriy yorliq hamda velosiped bilan taqdirlandi.