Harbiy xizmatchilar o‘rtasida ko‘pkurash bo‘yicha o‘tkazilgan chempionat yakuniga yetdi

40

Samarqand shahridagi Mudofaa vazirligi Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida vazirlik qo‘shinlari o‘rtasida “Harbiy ko‘pkurash” bo‘yicha saralash chempionati o‘tkazildi.

Mazkur chempionatda vazirlik tasarrufidagi harbiy qismlar va oliy harbiy ta’lim muassasalaridan jami 60 ga yaqin terma jamoa ishtirok etdi.

“Harbiy ko‘pkurash” chempionati davomida kundalik dala harbiy kiyimida turnikda tortilish, 100 metr masofaga suzish, uzoqlikka granata uloqtirish, to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish va 3000 metr masofaga yugurish mashqlarini o‘z ichiga oladi.

Uch kun davom etgan chempionat yakuniga ko‘ra natijalar quyidagicha aniqlandi:
Yakkalik bahslarida:

1-o‘rin – Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy qism harbiy xizmatchisi Umidjon Ahmadjonov;
2-o‘rin – Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Ilhom Ergashev;
3-o‘rin – Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Jaxongir Bulakov;

Umumjamoa hisobida faxrli o‘rinlar quyidagicha aniqlandi:

1-o‘rin – Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi;
2-o‘rin – Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim jamoasi;
3-o‘rin – Sharqiy harbiy okrugi jamoasi.

G‘olib va sovrindorlar chempionat medallari, diplomlar va kubok bilan taqdirlandi. Chempionat davomida alohida mashqlar bo‘yicha yuqori natijalarni ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar ham e’tibordan chetda qolmadi.

Musobaqada yuqori natijalarga erishgan harbiy xizmatchilar MDH davlatlari armiyalari o‘rtasida shu yil bo‘lib o‘tadigan xalqaro chempionatda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasiga saralandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati