Harbiy xizmatchilar malakasi oshirildi

119

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Mudofaa vazirligi tizimidagi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlarining bilim saviyasini yanada yuksaltirish, ularning kasbiy mahoratini boyitish, malaka oshirayotgan navbatdagi harbiy xizmatchilarning yakuniy imtihoni bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yuqori professional harbiy xizmatchilarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida butunlay yangicha ko‘rinish va mazmundagi malaka oshirish tizimi joriy etilgan.

– Malaka oshirish kurslari davomida harbiy xizmatchilarga universitetning yetuk professor-o‘qituvchilari va yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining olimlari tomonidan nazariy va amaliy bilimlar berildi. Imtihon davomida Vatanimiz posbonlari bilimlarini yuqori natijalar bilan sinovdan o‘tkazdi, – deydi kurs rahbari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Muyassar Saparniyazova.

Ta’kidlash kerakki, mazkur o‘n besh kunlik o‘quv kurslarida shu yilning fevral oyidan 2020 yil iyun oyiga qadar 3 bosqichda, jami 600 nafarga yaqin tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari tahsil olishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati