Mudofaa vazirligida 40 nafar harbiy xizmatchi yangi uyli bo‘ldi

31

Bugun, 13-aprel kuni Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari uchun Toshkent shahri Yunusobod tumanining 17-dahasida 40 xonadonga mo‘ljallanib bunyod etilgan ko‘p qavatli xizmat uyi tantanali topshirildi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, faxriylar, yoshlar ishtirokida o‘tgan tadbirda ayniqsa, keyingi yillarda milliy armiyamizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning xizmat va yashash sharoitini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Ta’kidlash kerak, ohirgi 2 yilda harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasiga davlatimiz rahbariyati tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2017- va 2018-yillarning davlat dasturlari bo‘yicha 4,5 ming nafar harbiy xizmatchining yashash sharoitlari yaxshilandi. Bu ilgari 15 yilda ham erishilmagan natija.

Tantanali marosimda ishtirok etgan mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov shinam va ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega uy sohib va sohibalarini tabrikladi. Xonadonlarga kirib, ularning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan samimiy suhbatda bo‘ldi.

Yangi uy hududida barpo etilgan bolalar maydonchasi ham ona Vatan himoyachilari bo‘lmish harbiy xizmatchilarning farzandlariga olam-olam quvonch bag‘ishlamoqda.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy va qo‘shiqlar shodiyonaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Shu kuni doshqozonlarda milliy taomlar va sumalak qaynadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati