O‘zbekiston kuch tuzilmalarining hamkorlikdagi mashg‘ulotlari yakunlandi (fotoreportaj)

64

Avval xabar berilganidek, Sharqiy harbiy okrug xududida joylashgan barcha qo‘shinlar hamkorligidagi qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni boshchiligida hamkorlikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish, razvedka va boshqa muhim ma’lumotlarni tezkor almashish, shuningdek ishtirokchi bo‘linmalarning real vaqt mezonlari asosida samarali va yagona boshqaruvini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi.

Ta’kidlash kerak, mashg‘ulotlarning amaliy qismi harbiy okrug hududida joylashgan poligonlar hamda toifalangan ob’ektlarda real sharoit va vaziyatlarga imkon qadar yaqinlashtirilgan holda o‘tkazilishi uchun sharoitlar muhayyo etildi. 50 ga yaqin bo‘linmalar marsh uyushtirdi, 200 kvadrat kilometrga yaqin hududda yerdan va havodan razvedka ishlari olib borildi. 60 ga yaqin shartli amaliy mashqlar hamkorlikda bajarildi.

O‘quvlarda ishtirok etgan Mudofaa vazirligi toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi shaxsiy tarkibi ham uchta viloyatdagi o‘ta muhim ob’ekt va inshootlarning qo‘riqlanishi kuchaytirilgan tizimda olib borildi. Qo‘riqlanayotgan o‘ta muhim ob’ektlarda shartli mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlarining yana bir amaliy jarayonlari Sharqiy harbiy okrugi Farg‘ona dala-o‘quv maydonida davom etdi. Uni Mudofaa vazirligi rahbariyati hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari kuzatib borishdi. Mashg‘ulotlarda davlat chegarasi himoyasini kuchaytirish, ehtimoliy chegara buzilish holatlarini tezkor aniqlash va bartaraf etish, favqulodda vaziyat yuzaga kelganda kuch tuzilmalari bilan hamkorlikdagi harakatlari namoyish etildi.

Mamlakatimizning sharqiy hududlarida bo‘lib o‘tayotgan ushbu mashqlar barcha bo‘linmalarning jangovar vazifalarni birgalikda bajarish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.

Hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari bugun, 13-aprel kuni yakunlandi. Harbiy bo‘linmalar doimiy joylashgan joyiga qaytarildi.

Mashg‘ulotlar yakunida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan rag‘batlantirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati