Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”ga Amir Temur byusti o‘rnatildi

15

Kecha, 9 aprel kuni Farg‘ona viloyatida joylashgan “Temurbeklar maktabi”da buyuk Amir Temur tavalludining 683 yilligi hamda Sohibqiron byustining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev, Sharqiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, faxriylar, viloyat faollari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Amir Temur byusti buyuk davlat asoschisi Sohibqiron bobomizning muborak nomi, boy merosi va xotirasini ulug‘lash, uning ulug‘ sarkarda sifatidagi harbiy salohiyatini namoyon etish bilan birga, harbiy xizmatchilar, ayniqsa, yoshlar qalbida vatanparvarlik, buyuk ajdodlarimizga hurmat, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Tadbir qatnashchilari buyuk Sohibqiron byusti poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Marosim davomida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev so‘zga chiqib, Amir Temur davlatchiligi, uning odil siyosati haqida fikr bildirdi.

Tadbir yakunida Farg‘ona viloyati hokimi harbiy xizmatchilarga “Temur tuzuklari” kitobini ulashdi.

Shu kuni Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismlarning birida ham “Amir Temur – adolat va qudrat timsoli” g‘oyasi ostida buyuk ajdodimizning byust majmuasi ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirda Qashqadaryo viloyat Amir Temur jamoasi fondi raxbari – Qarshi davlat unversiteti  professori Ochil Bo‘riev, Qashqadaryo viloyat O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Baxodir Abdurazzoqov, Muborak tuman “Muborakneftgaz” MChJ rahbari Qaxramon Qurbonov,  tuman hokimligi va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbir so‘ngida mazkur majmuani qurilish ishlari va tashkil qilishda amaliy yordamlari uchun xomiy tashkilotlarga harbiy qism qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati