O‘zbekiston kursanti bugun Vatanga MMA kamarini olib keladi

48

Oldin xabar berganimizdek, kecha, 7 aprel kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridagi “Archa-beshik” sport majmuasida aralash kurashlarning MMA yo‘nalishi bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi “Batir bashi” IV etno turniri boshlangan edi.

Mazkur nufuzli turnirda 84 kg vaznlilar o‘rtasida O‘zbekiston sha’nini Qurolli Kuchlar akademiyasining 4-bosqich kursanti Bekzod Nurmatov hamda  Abdulaziz Utamurodov himoya qilishgan.

Abdulaziz Utamurodov qirg‘izistonlik raqibi Qodir Kurstan o‘g‘liga qarshi o‘tkazgan jangida texnik nokaut bilan g‘alabani qo‘lga kiritgan. Bekzod Nurmatov esa yana bir Qirg‘iziston sportchisi Jakip Tuganbayev bilan kechgan og‘ir bahsning ikkinchi raundida og‘rituvchi usulni mohirlik bilan qo‘llagan holda raqibdan qo‘li baland keldi. Finalga chiqqan ikki hamyurtimiz o‘zaro kuch sinashi kerak edi. Ammo, Abdulaziz Utamurodov birinchi jangda oyoq qismida olingan tan jarohati hamda murabbiylarning jangni olib borishiga qarshiligi sabab to‘liq g‘alaba Bekzod Nurmatovga berildi.

Bekzod Nurmatov professional faoliyatidagi navbatdagi musobaqada – aralash kurashlarning MMA yo‘nalishi bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi “Batir bashi” IV etno turnirining kamarini bugun, 8 aprel kuni O‘zbekistonga olib keladi.

                                                                            Mudofaa vazirligi matbuot xizmati