Sharqona Yangi yil fayzi

284

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining sport majmuasi maydonida ulug‘ ayyom Navro‘z munosabati bilan bayram sayli o‘tkazildi. 

Millatimizning mehr-muruvvat ko‘rsatishdek o‘ziga xos insoniy fazilatlarini mujassam etgan ushbu ayyom Mudofaa vazirligi sport majmuasi maydonida o‘zgacha qarshi olindi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda estradamiz xonandalari, shuningdek Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri jamoasi hamda vazirlikning “Turon” teatr-studiyasi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan bayramona konsert dasturi Sharqona yangi yil fayziga yanada fayz qo‘shdi.

Tadbirda ishtirok etgan mamlakatimiz sporti sharafini yuksalishiga ulkan hissa qo‘shayotgan Mudofaa vazirligi Sport klubi a’zolari sportga ishtiyoqmand bolakaylarning ko‘plab savollariga tortildi.

Sport maydonchasining tegrasida chopqillab yurgan bolakaylarning xush-xandon kulgulari borliqni jonlantirib, qalblarga iliq tuyg‘ularni olib keldi. Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari tayyorlagan ayyom taomi bo‘lmish sumalak, ko‘k somsa kabi bahoriy taomlar sayil ishtirokchilariga tarqatildi.

Ha, muqaddas yurtimizning tinch va farog‘atli kunlarida umrguzaronlik qilib, mana shunday huzurbaxsh onlarni yaqinlarimiz, yoru birodarlarimiz bilan tantana qilayotganimizning o‘zi katta baxt, ulug‘ ne’mat aslida.

Bayram tadbiri rejasiga muvofiq bayram dasturidan o‘rin olgan milliy kuy va qo‘shiqlar, raqs va o‘yinlar, sport bellashuvlari, jumladan, arqon tortish, armrestling, mini-futbol, stol tennisi, voleybol va bolalar o‘rtasida shaxmat-shashka bo‘yicha musobaqalar, rasm chizish bo‘yicha viktorinalar bo‘lib o‘tdi.

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlarining qo‘l jangi hamda saf elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlari, Mudofaa vazirligi Markaziy xizmat itlari pitomnigi tomonidan ko‘rsatilgan mashqlar olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Navro‘z ayyomi Mudofaa vazirligining barcha harbiy qism va muassasalarida keng qarshi olindi.