Bahodir Qurbonov: “Yutuqlarimiz nafaqat bizniki, balki butun mamlakatnikidir”

127

Bugun, 25-mart kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida Rossiya Federatsiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlarning oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida informatika fani boʻyicha hamda oliy taʼlimgacha muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida matematika va fizika fanlari boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro olimpiada sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, vazirlik markaziy apparati ofitserlari, xalqaro olimpiadada ishtirok etgan yoshlar qatnashdi.

Eslatib oʻtamiz, xalqaro olimpiadaning informatika fani boʻyicha Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantarining ikkita jamoasi ishtirok etib, bitta yoʻnalishda yuqori natijani qayd etgan edi. Olimpiadaning mutaxassislik tayyorgarligi yoʻnalishi boʻyicha yakuniy natijalarga koʻra, oʻzbekistonlik kursantlar umumjamoa hisobida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning oliy taʼlimgacha muassasalari oʻrtasida matematika va fizika fanlari boʻyicha oʻtkazilgan birinchi olimpiadada Oʻzbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari 2-oʻrinni qayd etishdi.

Tadbir davomida Bahodir Qurbonov V xalqaro olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan hamyurtlarimizga minnatdorchlik bildirib, harbiy xizmatchilar tomonidan xalqaro maydonlarda qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar butun mamlakatimiz yutugʻi ekanini taʼkidlab oʻtdi.

Xizmat burchini vijdonan bajarayotgan va yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan shaxsiy tarkibni ragʻlablantirish hamda keyingi xalqaro olimpiadalarda bundan ham yuqori saviyada ishtirok etishlariga zamin yaratish maqsadida kursantlar, oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilariga Oʻzbekiston mudofaa vaziri tomonidan qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati