Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar AQSH Markaziy qoʻmondonligida Navroʻzni nishonlashdi

114

Kecha, 21-mart kuni “Navruz” ayyomi munosabati bilan AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligida (Tampa shahri, Florida shtati) rasmiy vakil sifatida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan xorijiy hamkasblariga bayram tadbiri tashkil etildi.

Ushbu tadbirda AQSH Qurolli kuchlari CENTCOM rahbariyati hamda u yerda hamkorlik faoliyatini yuritayotgan 50 dan ortik davlat vakili qatnashdi. Oʻzbekistonlik harbiylar va ularning oila aʼzolari tomonidan bahoriy taomlardan iborat oʻzbekona bayram dasturxoni yozilib tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi. Koʻk somasayu-chuchvaralar hamda oshni tatib koʻrgan mehmonlar oʻzbekona mehmondarchiligu, milliy taomlarimizga yuqori baholar berishdi.

Shuningdek, tadbir davomida “Yangi Oʻzbekiston” nomli targʻibot prezentatsiyani ham namoyish etildi.

Prezentatsiyada oʻzbek xalqining buyuk merosi, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, tarixiy obidalari, iqtisodiyoti va siyosati, milliy armiyasi, Oʻzbekiston hududida yashab ijod etgan buyuk siymolari va ularning dunyo sivilizatsiasining rivojiga qoʻshgan hissasi, bugungi kundagi yangi Oʻzbekistonninig barcha sohalarda erishayotgan ulkan yutuqlari va boshqa jihatlari namoyish etildi.

“Oʻzbekiston boʻylab sayohat” mavzusida namoyish etilgan qisqa metrajli hujjatli film barchada katta taassurot qoldirdi.

Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarining ushbu tadbirga tayyorgarligi va ishtirokiga AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligi tomonidan yuqori baho berildi va tashakkur izhor etildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati