Qurolli Kuchlar akademiyasida NATO qoʻmondonligi bilan videokonferensiya uyushtirildi

8

Buyuk Britaniya Qirollik harbiy akademiyasi mutaxassislari Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi professor-oʻqituvchilari tarkibi bilan mashgʻulotlar oʻtkazish uchun yurtimizga tashrif buyurdi.

Qirollik harbiy akademiyasi professorlari Ed Flint hamda Dunkan Anderson Qurolli Kuchlari akademiyasida harbiy taʼlim olayotgan kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, taʼlim sifatini yanada yaxshilash boʻyicha oʻz maslahatlari bilan boʻlishishdi.

Akademiya professor-oʻqituvchilari bilan oʻtkazilgan mashgʻulotlar davomida soʻnggi paytlarda koʻp tilga olinayotgan va dunyo ahli uchun katta muammoga aylanib ulgurgan “Gibrid urushlari” mavzusiga alohida toʻxtaldi. Bu boʻyicha dunyo miqyosida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar va ularning natijalari qayd etildi. Akademiya professor-oʻqituvchilari mazkur dolzarb mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdilar.

Mashgʻulotning ikkinchi kunida Niderlandiyaning Bryunsyum shahridagi NATOning Birlashgan kuchlar qoʻmondonligi bilan videokonferensiya ham uyushtirildi. Unda NATO mutaxassislarining yurtimizga galdagi rejalashtirilgan tashrifi oldidan “Amaliyotlarni rejalashtirish jarayoni” mavzusida uslubiy-yoʻriqnoma mashgʻuloti oʻtkazildi. Videokonferensiyani NATO mutaxassislari Mishel Tereza Uard, Lejik Boyarskiy va Grzegors Remizevskiylar olib bordi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati