Harbiy jurnalistikaga qabul qilinadigan 20 nafar talaba grant asosida oʻqiydi

7
Foto: UzA

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida harbiy jurnalistika kasbiy qayta tayyorlash kursi va 2019−2020-oʻquv yillarida harbiy jurnalistika yoʻnalishi ochilishining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda maʼlumot berilishicha, harbiy jurnalistika yoʻnalishi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Ular 4 yillik bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 4 oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslaridir. 2019−2020-oʻquv yilida harbiy jurnalistika yoʻnalishi boʻyicha 20 nafar talabalarning barchasi grant asosida oʻqishga qabul qilinadi.

— Harbiy jurnalistika yoʻnalishi boʻyicha sohaga yoʻnaltirilgan maxsus oʻquv reja hamda jurnalistika sohasi bilan birgalikda harbiy bilim va koʻnikmalarni shakllantiruvchi oʻquv-dasturlari ishlab chiqilgan, — deydi Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Nozima Muratova.

Shuningdek, jami 4 oylik (576 soatlik) kasbiy qayta tayyorlash kurslarining maxsus oʻquv rejasi va dasturlari yaratildi. Oʻquv kurslarida asosan jurnalistika bilan bogʻliq nazariy va amaliy mashgʻulotlar, harbiy sohaga yoʻnaltirilgan fanlar aks etgan. Oʻquv jarayoniga jurnalistika sohasida koʻp yillik tajribaga ega professor-oʻqituvchilar, harbiy sohaning yetakchi mutaxassislari jalb etiladi. Harbiy jurnalistika yoʻnalishida tahsil olish istagida boʻlgan abituriyentlar jurnalistika sohasida talab etiladigan test, ogʻzaki suhbat bilan birgalikda jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan ham imtihon topshirishadi.

Tadbirda maʼlumot berilishicha, bakalavriat yoʻnalishida tahsil olish uchun tanlab olinadigan talabalarning 20 nafari ham davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi. Toʻrt oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslari pulli asosda boʻlib, hech qaday va cheklov va imtihonlar yoʻq, oʻqish istagida boʻlganlar arizalari asosida tanlab olinadi.

Dastlabki oʻquv kurslariga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tadbir soʻnggida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti oʻrtasida kelishuv memorandumi imzolandi.