Harbiylar va oʻquvchi yoshlar Chimyonda ekstremal mashqlarni bajardi

6

Mudofaa vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Hamid Olimjon” mahallasi yoshlari hamda ularning ota-onalari, shuningdek, kam taʼminlangan oilalar farzandlari uchun Ugom-Chotqol togʻ tizmasida joylashgan vazirlikka qarashli Togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashq markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ekskursiya uyushtirildi.

Dastlab tadbir qatnashchilari dengiz sathidan bir ming olti yuz metr balandlikda joylashgan markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, harbiy xizmatchilarning togʻ tayyorgarligi mashgʻulotlarini bajarishi uchun yaratilgan oʻquv joylariga tashrif buyurdilar.

Ekskursiya davomida yoshlarga yoʻriqchilar tomonidan togʻ toʻsiqlari, qoyalarga koʻtarlish hamda tushish boʻyicha amaliy mashqlar koʻrsatib berildi. Oʻzini sinab koʻrishni istagan yoshlar uchun texnika xavfsizligiga rioya qilingan holda mashqlarda bevosita ishtirok etish imkoniyati yaratib berildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar pnevmatik miltiqdan otish boʻyicha merganlik mahoratlarini ham sinab koʻrdilar. Qor qoʻynida otda sayr qilish va changʻida uchish barchaning sevimli mashgʻulotiga aylanib ulgurdi.

Taʼkidlash kerakki, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, ularda harbiylikka qiziqishni oshirish maqsadida bu kabi amaliy ishlar keng olib borilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati