Mingdan ortiq muddatli harbiy xizmatchilar imtiyozli kreditlar olishadi

49

Vazirlir Mahkamasi tomonidan 2018-yilning 6-iyunida “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingani haqida oldin xabar berilgan edi. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan 2018—2019-yillarda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan jami 1239 nafar askarga imtiyozli kreditlar ajratildi.

Bugun, 9-mart kuni Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismlardan birida dastlabki 59 nafar muddatli harbiy xizmatchiga imtiyozli kredit olish imkonini beruvchi sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.

Tadbirkorlik bilan shugʻullanishni istagan askarlar uchun ajratilgan kredit mablagʻlarining qiymati hozirda 23,5 milliard soʻmdan ortiqroqni tashkil etmoqda.

Muddatli harbiy xizmatchilarga tadbirkorlik faoliyati boʻyicha imtiyozli kreditlar ular orasidan saralab olingan eng faol va bilimlilariga topshirilmoqda. Saralash ikki bosqichda olib borildi — test va insho koʻrinishida.

Joylardagi Aksiyadorlik tijorat “Oʻzsanoatqurilishbank” va AT “Xalq banki” tomonidan oʻtkazilgan test sinovi va insho boʻyicha yuqori ball (12 balldan yuqori) toʻplagan muddatli harbiy xizmatchilar bilan oʻtkaziladigan yakuniy suhbatdan soʻng, tadbirkorlik faoliyati boʻyicha imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirishga sertifikatlar berish uchun harbiy qism komandiriga taqdimnomalar kiritiladi.

Taqdimnomalar harbiy qismlardan Mudofaa vazirligiga yuboriladi. Mudofaa vazirligi qoʻshinlaridagi muddatli harbiy xizmatchilarga tadbirkorlik faoliyati boʻyicha imtiyozli kreditlar uchun sertifikatlarni berish masalasini koʻrib chiqish komissiyasi tomonidan namuna boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarga imtiyozli kreditlarga sertifikatlar berish uchun harbiy qism komandiriga kiritilgan taqdimnomalar oʻrganib chiqiladi. Komissiya tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi va bayonnoma nusxalarini harbiy qism qoʻmondonliklariga, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hududiy kengashlari va Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasiga yuboriladi.

Taʼkidlash kerakki, Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hamda Oʻzbekiston banklar Assotsiatsiyasi 2018-yil 16-oktabr kuni imzolangan qoʻshma qaror yuzasidan muddatli harbiy xizmatchilar bilan tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish uchun kreditlar olish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirishga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar joylarda muntazam olib borildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati