Mudofaa vazirligi markaziy apparati ayol xizmatchilari uchun bayram tashkil etildi

11

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida xizmat qilayotgan ayol harbiy xizmatchilar hamda xizmatchilar uchun poytaxtimizdagi muhtasham koshonalardan birida bayram dasturxoni yozildi.

8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida vazirlik qoʻshinlarida xizmat qilayotgan va ishlayotgan munis va moʻtabar ayollarga Oʻzbekiston mudofaa vazirining bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.

Mudofaa vaziri oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikramov soʻzga chiqib barcha munis ayollarni qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etdi, hukumatimiz tomonidan ayol-qizlarning mavqeini oshirish, ijtimoiy himoyasini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etib oʻtdi. Bir guruh faol ayollar munosib ragʻbatlantirildi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Prezidenti 2019-yil 6-mart kuni “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonni imzolab, qishloq xoʻjaligi, sanoat, tadbirkorlik, fan-texnika, innovatsiya, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarda alohida tashabbus koʻrsatib, samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollarni faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlagan edi.

Tadbirda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri hamda taniqli estrada yulduzlari chiqish qilib, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati