Chempionlar kursantlar huzurida

287

Ta’kidlash kerakki, hamyurtlarimizning jahon sport arenalaridagi ulkan yutuqlari zamirida, albatta, mamlakatimizda jismoniy tarbiya hamda sportga bo‘lgan e’tiborning yuqoriligidan dalolat bermoqda. Zero, oxirgi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori katta sportni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Shahar va qishloqlarda zamonaviy, jahon standartlariga mos bo‘lgan sport majmualari, respublika va jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarni tashkil etishga mo‘ljallangan inshootlar qad ko‘tardi. Ma’lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoalarining tarkibida Mudofaa vazirligi Sport klubi (oldingi MHSK – Markaziy harbiy sport klubi) vakillari ham ko‘plab sport turlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Ular 2016 yilda o‘tkazilgan yozgi Olimpiada hamda Paralimpiada o‘yinlarida mamlakat sharafini munosib himoya qilishdi. Jumladan, hamyurtlarimiz XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlaridan 4 oltin, 2 kumush va 7 bronza medalni qo‘lga kiritib, 207 ishtirokchi davlat o‘rtasida umumjamoa hisobida 21-o‘rinni egallagan bo‘lsa, beshta sport turida ishtirok etgan paralimpiyachilarimiz undan-da yuksak natija – 8 oltin, 6 kumush va 17 bronza medalga ega chiqib, umumjamoa hisobida 176 mamlakat sportchilari orasida 16-o‘rinni band etishdi.

Milliy terma jamoamizning 32 nafar sportchisi Paralimpiada o‘yinlaridan 31 medal bilan uyga qaytishdi. O‘shanda bitta paralimpiadaning o‘zida hamyurtlarimiz 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiada va 12 ta Osiyo rekordini yangilab, dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgandi.

Olimpiada o‘yinlarida bokschilarimiz jahonda tengsiz ekanliklarini namoyish etgan bo‘lsa, Paralimpiadada dzyudochilarimiz mana shunday yuksak marrani zabt etishdi.

2017 yili yurtimiz miqyosidagi musobaqalarda Mudofaa vazirligi Sport klubi vakillari ko‘plab muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishganini e’tirof etish joiz. Armiya sportchilari asosan yurtimiz terma jamoasi tarkibida xalqaro musobaqalarda qatnashgani bois, mamlakatimiz miqyosidagi turnirlarda sport klubi sharafini himoya qilishdek mas’uliyat klubning umidli yoshlari zimmasiga yuklandi. Respublika miqyosidagi qator musobaqalarda Mudofaa vazirligi Sport klubi vakillari 268 ta oltin, 189 ta kumush va 198 ta bronza medalga egalik qilishdi.

O‘zbekiston o‘smirlar, yoshlar hamda milliy terma jamoalari tarkibida jahon chempionatlari, Osiyo birinchiliklari, dunyo va qit’a kubogi uchun bahslar, Gran-pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro musobaqalar, Yopiq inshootlaridagi VIII Osiyo o‘yinlari, xalqaro hamda an’anaviy xotira turnirlarida ishtirok etishgan Mudofaa vazirligi Sport klubi vakillari bu musobaqalarning 51 ta oltin, 28 ta kumush, 41 ta bronza, jami 120 ta medaliga sazovor bo‘lishdi.

Mamlakatimiz va milliy armiyamiz sharafini, shon-shuhratini munosib himoya qilishga hissa qo‘shayotgan Mudofaa vazirligi Sport klubi sportchilarining erishgan yutuqlarini targ‘ib etish hamda harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirishga bag‘ishlab Qurolli Kuchlar akademiyasida “Shohsupaga sharafli yo‘li” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda xalqaro toifadagi sport ustasi, bir qator mamlakat, qit’a va jahon birinchiliklari g‘olib va sovrindori, 2016 yilgi paralimpia o‘yinlari oltin medal sohibi dzyudochi mayor Adiljon Tulendiboyev va uning klubdoshi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, nufuzli musobaqalar g‘olibi kichik serjant Ramziddin Sayidov bo‘lajak ofitserlarga mahorat darslarini namoyish etishdi.

Zamon talablari asosida qayta barpo etilgan Qurolli Kuchlar akademiyasi sport maydonining bir tomoni mahoratli dzyudo ustalari tomonidan ko‘rsatayotgan mashq elementlari mazkur sport turiga oshiqmand harbiy xizmatchilarning diqqatini jamlagan bo‘lsa, yana bir o‘quv nuqtasida basketbol, boks bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Tadbir davomida bo‘lajak ofitserlar sportchilardan chempionlik sari mashaqqatli yo‘li, jismoniy ko‘rsatkichlarni oshirish usullari bilan tanishdilar.